YPX xodimlari bilan munosabatda qanday huquqlarga egaligingizni bilasizmi?
Joylandi: 02.08.22 / 20:14
Yo‘l harakati qatnashchilari yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimlari bilan munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:
– YPX xodimi tomonidan to‘xtatish asoslari hamda qoidalarning qaysi bandi buzganligi to‘g‘risida tushuntirish berishni talab qilish;
– transport vositasini to‘xtatgan YPX xodimidan o‘zini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishini va ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilishini talab qilish;
– xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik;
– YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (taqiqlangan belgi mavjud hududlardan tashqari);
– qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositasi kabinasidan chiqmasdan, YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatga kirishish;
– sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;
– huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning qiyoslash sertifikatlarini ko‘rsatishni talab qilish;
– huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish;
– asossiz to‘xtatib turilmasligini talab qilish;
– YPX xodimi tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi ko‘zdan kechirish jarayonida ishtirok etish;
– o‘zi to‘xtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi haqidagi dislokatsiya ko‘chirmasi bilan shu joyning o‘zida tanishish;
– ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng YPX xodimining dislokatsiyasi saqlanayotgan saf bo‘limi boshlig‘idan dislokatsiya haqida yozma ma’lumot berishni talab qilish;
– o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va boshqa ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan o‘z hisobidan nusxa ko‘chirish yoki ularni fotosuratga olish;
– YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish;
– o‘zi guvohi bo‘lgan hodisa haqida YPX xodimiga haqqoniy ma’lumotni bayon qilish.