Suddan keyin esa xotini bilan birgalikda chiqib, Matluba yangasiga dalda bergan, «nima xizmat bo'lsa, tortinmay aytavering. Akam qaytgunlaricha sizga ukaman», degan edi.
Matlubaning unga buyuradigan xizmati yo'q edi. Shu bois ko'chada ro'para kelganida salomlashardi-yu, ortiqcha gap aytmas edi. Shu sababli yangasining yo'qlovi Valijonni shoshirib qo'ydi. Tomorqadagi ishini yig'ishtirib, qo'l-betini chala-yarim yuvgach, xojasining uyiga shoshildi. Ichkari kirib hol-ahvol so'rashga ulgurmay, yangasidan kutilmagan savolni eshitib dovdirab qoldi.
— Akang boyliklarini qaerga yashirgan?
Bunday savolni tergovchi qayta-qayta so'ragan, har safar «bilmayman» degan javobni eshitavergach, axiyri tutaqib, rosa do'pposlagan edi. Endi esa, yangasi xuddi o'sha tergovchiga o'xshab so'rayapti. Yolg'on po'pisa qilyaptimikin desa, ohangi ancha jiddiy.
— Siz bilmasangiz… men bilmayman, opa.
— Sen go'rni ham bilasan, ayt.
— Axir opa, men oddiy bir shopir bo'lsam…
— Sen shopur emas, qo'shmachisan! Akangga qo'shib seni ham qo'shmazor qilish kerak edi.
— Unaqa demang, opa, bolalarim bor.
— Senda bor bola, boshqalarda yo'qmi? Ma, o'qi! Ammo birovga g'ing deya ko'rma.
Matluba shunday deb xatni uzatdi. Valijon o'qib chiqqach, «men nima qilay?!» degan savol nazari bilan qaradi.
— Men har oyda pulni qaerdan olaman? Sen qo'shmachi hamma baloni bilasan. Akang topganining yuzdan birini uyga olib kelardi. Qolgani qaerda? Yo topasan, yo bolalaringni garovga qo'ydiraman. Qamoqdan bitta kallakesar kelgan. Unga seni ro'para qilaman-u, holingni ko'rib turaveraman.
— Xudo xayringizni bersin, jon opa! Unday qilmang, opajon! Menda nima gunoh? To'g'ri, maishatlarini bilardim. Ammo pulga ko'zim tushmagan sira. Aldayotgan bo'lsam — Xudo ursin! —
Valijon shunday deb yig'lamsiray boshladi.
— Piqillama, erkak ham yig'laydimi? Menga anavi buzuqning qaerdaligini ayt hozir.
— Shahardaligini bilaman. Qaysi ko'chada, qaysi uyda? Tirik bo'lsa uyini ayt, o'lgan bo'lsa go'rini ayt.
— Ko'chasining nomini bilmayman, opa. Metroning oxiriga yetgandan keyin ozgina yurilsa mehmonxona keladi. Keyin o'ngga. To'rt qavatli imorat.
— Meni boshlab borasan o'sha ishratxonaga.
— Xo'p, opajon, ertaga, ishdan so'rab kelaman.
— Hozir jo'naymiz.
— Ie, axir…
— Senga «hozir jo'naymiz», dedim. Bor, chorak soatda tayyor bo'lib chiq.
Valijonni chaqirtirishidan asl maqsadi ham shu edi. «Akangning boyligi qaerda?» deb so'roqqa tutishi yigitni egib olish uchungina edi. Shunday qilmasa, u yo Nafisaning turar joyini yashirardi, yo olib borib ko'rsatishni paysalga solardi. Yoki «akasining sevimli yosh xotinini» ogohlantirib qo'yishi ham mumkin edi. Shularni nazarda tutib, Matluba u bilan o'ziga xos bo'lmagan dag'al ohangda gaplashdi. Yangasidan bunday muomalani kutmagan Valijon chindan ham qo'rqdi. Ayniqsa, «bolalaringni garovga qo'ydiraman», degan gapiga ishonib, esi teskari bo'lib ketay dedi. Yig'isi ham yolg'on emas, rost edi. Bir tomonda qama-qama avjiga chiqqan, yana bir tomonda mashina o'g'irlash tish kavagini kavlashday oson bo'lib qolgan, odamlar esa, to'ppa-to'satdan yo'qolayotgan zamonda oddiy po'pisa ham haqiqat ko'rinishini oladi. U xojasining ba'zi sirlarini biladi. Biroq pul bor-yo'qligi, yashirilgan-yashirilmaganidan bexabar edi. Bilganida hozirgi po'pisadan so'ng shart aytvorardi. To'g'ri, u kaltafahm emas, xojasining ayrim harakatlaridan bir narsani sezganday bo'lardi. Ayniqsa, qama-qamalar dovuli boshlangan, biroq, ularning viloyatlariga yetmay turiboq, xojasi g'imirlab qolgan edi. Uch-to'rt marta zargarlik do'konlariga kirib chiqqanida «o'y-nashlarga sovg'a-salom olyaptilar, akaginam», deb o'ylagan edi. Idorada o'tirgan «akaginasi»ning qo'llariga kishan solib olib chiqishgandan so'ng sovg'a-salom olinmagani, qog'oz pullar tillaga aylantirilganini anglab yetdi.
KUNDOShLAR
Dunyo ham ajoyibotlarga boy. «Yaxshi buzoq ikki onani emadi», deganlaridek, ayrim mamlakatlarning bir emas, ikkita rahbari bo'ladi. Birini «qonuniy prezident», deydilar.
Halolmi, g'irrom yo'l bilan- mi, harholda saylanadi. Bu rahbarni yoqtirmaganlar o'zlarini «muxolifot», deb e'lon qiladilar-u, bironta xorij yurtga borib, o'zlariga yoqqan odamni «muvaqqat taxtga» o'tqazadilar. Bu endi «norasmiy prezident» bo'ladi. Bu holat kichikroq doiraga keltirilsa, ya'ni oila deb atalmish o'ziga xos «mamlakat»ga qiyoslansa, kundoshlarni eslatadi. Shunga ko'ra, Matluba «qonuniy prezident» deyilsa, Nafisani «norasmiy boshliq» deb atash mumkin bo'lar? Ba'zan xolis bir kuch ularni murosaga keltirishga urinadi. O'rtada taxt masalasi turganda ularning murosaga kelmoqlari it ila mushukning ittifoqini eslatadi, xolos.
Matluba bilan Nafisa orasida taxt muammosi yo'q. Biroq, orada taxtdan ham muhimroq masala, talashsa arzigulik narsa bor. Odamga nisbatan «narsa» so'zini ishlatish noo'rin, lekin ikki ayol — biri «qonuniy», ikkinchisi «norasmiy» xotin bir erkakni xuddi «narsa» kabi talashadilar. Agar xolis bir kuch — jallod o'rtaga chiqib, «unga ham bo'lmasin, senga ham bo'lmasin, kallasini uzib tashlay qolay», desa ikkala xotinning bu taklifga ko'nishi tayin.
Er o'lsa-o'lib ketaversin, birovi egalik qilib olmasa, bas. Er birovning to'shagidan ko'ra lahadda yotsa ming karra a'lo! «Mayli, shu erim kundoshimga bo'la qolsin», deydigan xotin topilgudek bo'lsa, dunyodagi qahramon ayollardan biri bo'ladi. Shoirlar unga bag'ishlab qasidalar yozadilar. Bunaqa xotin shoir zotiga ham yoqadi-da…
Matluba «xolis kuch» — Valijon hamrohligida kundoshi bilan ittifoq tuzish uchun emas, yuzma-yuz «jang»ga kirish uchun borar edi. Viloyat markaziga yetganlarida boshkentga boruvchi so'nggi avtobus ham jo'nab ketgan ekan. Ortga qaytishni ma'qul ko'rmay, chiqim sal ko'proq bo'lsa ham, yo'lovchi mashinaga o'tirdilar. Yo'l-yo'lakay churq etmasdan ketdilar. Ikkovi ham gaplashadigan ahvolda emasdi. Matlubaning xayoli bo'lajak «olishuv» rejalari bilan band edi. Valijon esa kutilmagan bu ofatdan qutulish choralarini izlardi.
Nafisaning uyiga yetib borishganda shahar qorong'ulik chodirida orom olishga hozir edi.
To'rt qavatli bino yaqinida to'xtagan Valijon:
— Uxlab qolishmaganmikin? — deb Matlubaga yuzlandi.
Valijon «gapim yoqmadi shekilli», deb o'yladi. Aslida esa, Matluba bo'lajak uchrashuvni o'ylab, asabiylashib turgan edi. Valijon bu savoli bilan qizib, cho'qqa aylangan temir ustiga suv sachratgandek bo'ldi.
Eshikni Nafisaning eri Samandar ochdi. Matlubani ko'rib, avvaliga ajablandi. Bir necha soniyalik taradduddan so'ng esa, orziqib kutgan mehmoniga yetishgan baxtiyor mezbon qiyofasiga kirib, jilmaydi.
— O, Matlubaxonim! Salomlar, salomlarim bo'lsin! Qarang, niyatning xolisligini, bugun o'ylab turuvdim. Aslida bizlar odam emas, bemehr dinozavrlarmiz. Sizni bi-ir yo'qlab qo'yishga arzimadik. Lekin siz hamisha biz bilan birgasiz.