ham mayli, bola uyg'onmasa bo'ldi. Men ishlarimni qilib olay.
Nodira oshxonaga kirib, uzoq yig'ladi, keyin ovqat qilishi kerakligi yodiga tushib, sabzini arta boshladi. Qo'llari qaltiraganidan barmog'ini kesib ham oldi. Qonni ko'rib seskangancha yugurib ayvonga chiqdi. Sokina Nodira tayinlagandek belanchakni qattiq-qattiq tebratardi.
— Sokina, bola uyg'onmadimi?
— Yo'q, yuzlaridan o'psam ham uyg'onmadi.
Nodira sekin belanchakka yaqinlashdi va bolani qo'liga oldi. U nafas olmasdi.
— Sokin, bolani yiqitvormadingizmi mabodo? U nafas olmayapti-ku.
— Yanga, nega unday deysiz? Men uni yiqitmadim, balki qattiq tebratganimga qo'rqqandir yo qorni ochgandir.
— Yigirma kunlik chaqaloqni qaysi aql bilan belanchakka solibdi, ahmoqmi bu?! — deyishardi qo'shni ayollar.
— Farzandsiz bo'lganidan keyin qaerdanam bilsin beshikka belashni?
Sokinaning onasi hamma gap qizining bo'yniga qolib ketishidan tashvishlanib, ularning fikriga qo'shilgan bo'ldi.
Bu orada Xadicha va Sherzod yetib kelishdi. Hamma chaqaloq bilan ovora. Sherzod nima bo'lganini bilish uchun “Tez yordam” mashinasida kelgan vrach oldiga bordi. U bolaning bir yarim soat oldin belanchakdan yiqilib emas, joni ikki soat oldin chiqqanini aytdi. Sherzod vrachdan odamlarga bolani belanchakda qattiq tebratganlari va bundan u qo'rqib o'lib qolgan, deb aytishini iltimos qildi. Chunki yuragi barchasiga Nodira aybdor ekanini aytib turardi, biroq xotinining malomatga qolishini istamadi.
Hovlining ustuniga suyanganicha, Sherzodning nigohini holsizgina kuzatib turgan Nodira birdan hushidan ketib yiqildi. Shundog'am onasining, ham bolasining o'limiga kuyayotgan Xadicha kundoshining holini ko'rib, “Opajon!» degancha uning yoniga yugurdi. U Nodiraga juda ishonar, yaxshi ko'rardi. Undan hech qachon, har qanday holatda ham shubhalanmasdi.
Reanimatsiya xonasidan chiqib kelgan vrach Sherzodga Nodiraning o'ziga kelib qolgani, biroq yaxshi parvarish qilinmasa, bir yarim oylik farzandiga zarar yetishini aytdi. Sherzod «farzand» so'zini eshitib, titrab ketdi. Nodira bo'lsa ichkarida xafa bo'lishni ham, xursand bo'lishni ham bilmasdi.