Suvchechak toshishini oldini olish va uning sabablari
Joylandi: 13.03.22 / 08:12
Suvchechak yuqtirib olish uchun bemor yotgan xona yonidan o‘tib ketishning o‘zi kifoyadir.
YIRIK PLANDA
Bu kasallikning inkubatsion pallasi 14-16 kunni tashkil etadi. Taxminan ikki haftadan so‘ng bolaning tana harorati ko‘tarilib, u o‘zini holsiz sezadi, 1-2 kundan keyin esa, avval yuzda, boshda, keyin butun tanada qizil toshmalar ko‘rinadi. Toshmalar ustida yiringli pufakchalar bo‘lib, ular tez yoriladi, keyin esa, yara usti qotadi va u bir haftalar ichida yo‘qoladi. Odatda, bolada 300 tacha yoki undan ko‘p toshishi mumkin. Toshma toshishni boshlashi bilan bolaning tana harorati ham ko‘tarilmay qo‘yadi.
NIMA QILISh KYeRAK?
Agar bolakay o‘zini yaxshi his qilayotgan bo‘lsa, hech qanday davolash usullari shart emas. Muhimi, gigiena va yaxshi parvarishdir. Pufakchalar qichishadi, bolakay uni tirnab, yaraga infektsiya kiritib qo‘yishi mumkin. Bu esa, tuzalish vaqtini cho‘zib yuboradi.
Tana doimo toza bo‘lishi kerak, bolakayning kiyimlari va to‘shagini tez-tez almashtirib turing, Uning qo‘llari doim ozoda bo‘lib, tirnoqlari olinganligiga e’tibor qarating. Yiringlagan toshmalar ustiga sintomitsin emulsiyasini suring. Agar toshma bola og‘ziga toshgan bo‘lsa, unga moychechak damlamasi ichiring. Ba’zida toshma ko‘z shilliq pardasida ham ko‘rinib qoladi, bundan xavotir olmang, u ko‘rish qobiliyatiga umuman ziyon yetkazmaydi. Qovoqlarni moychechak damlamasi bilan chayib, ko‘z ichiga shifokor yozib bergan suyuqlik tomizish mumkin.
YoDDA TUTING!
Bola suvchechak bilan og‘riganda unga aspirin berish mumkin emas. Bu juda xavflidir, u jigarni zararlashi yoki miyaga (Rey sindromi) salbiy ta’sir etishi mumkin. Agar harorat 39 dan yuqoriga ko‘tarilsa ham, isitmani boshqa vositalar bilan, albatta, ularni oz miqdorda berib tushirishga harakat qiling.
KIMGA XAVFLI?
Immunitetida noqisliklar bor bolalarda suvchechak og‘ir o‘tadi. Shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ham u o‘ta xavflidir. Odatda, bo‘lg‘usi ona homiladorlikning ilk pallalarida suvchechak yuqtirib olgan bo‘lsa, u bolaga ham yuqishi xavfi 25 foizni tashkil etadi.
Allergik ekzemasi bor bolalarda toshmalar haddan ziyod ko‘p toshishi kuzatiladi.
O’smir va kattalarda ham kasallik og‘ir o‘tadi, harorat yuqori bo‘lib, ba’zida toshmalar toshgan joyda ichki qon ketish holatlari ham bo‘lishi mumkin. Shu bois bu “bolalar infektsiyasi” bilan o‘z vaqtida, ya’ni, bolalikda kasallanib o‘tgan ma’quldir.
O’N YILLARDAN SO’NG, ORTGA QAYTISH
Suvchechak virusi gerpes-virusinin g qarindoshidir. Kishi tuzalgach ham, organizmda uning antitanachalari (antitela) qolib, ikkinchi bor uni yuqtirib olmaydi. Lekin virus hech qaerga ketmaydi, u butun umrimiz davomida ichimizda yashayveradi. Ayni damda qonimizda mavjud antitanachalar va killer-hujayrala r virusni qat’iy nazorat qilib, u bosh ko‘tarishi bilan hujumga o‘tishadi. Biroq yoshi katta insonlarda biron bir kasallik yoki stressdan so‘ng immunitetlari pasayib ketishi kuzatiladi. Aynan shunday paytda virus bosh ko‘tarib, ba’zi bir asab tolalarini zararlaydi, oqibatda kishida xuddi suvchechakka o‘xshash toshmalar toshishi kuzatiladi. U odatda, umurtqa pog‘onasiga perpendikulyar holatda toshib, qattiq og‘riq chaqiradi va u qamrab oluvchi lishay deb nomlanadi. U odatda, har beshinchi insonda kuzatiladi.