Joriy yilda O‘zbekistondagi maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari o‘tkazilmaydi. 25 may kuni respublikadagi barcha umumta’lim maktablarida «Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir» g‘oyasi ostida o‘quv yili yakunlariga bag‘ishlangan tantanali saflanish tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilda respublikadagi 9628ta umumta’lim maktablarining 475 276 nafar 9-sinf bitiruvchilari 11 yillik ta’lim tizimining 10-sinfiga va akademik litseylarning birinchi bosqichiga qamrab olinadi.
2017-2018 o‘quv yilining yakuniga bag‘ishlangan tadbirlar«Qadrdon maktabimiz bag‘rida o‘qib-o‘rganish, doimo izlanish, yangilikka, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashaymiz!»shiori ostida o‘tkaziladi.
Tadbirlar joriy yilning 25 may kuni respublikaning barcha maktablarida ertalab soat 08:30da boshlanadi va soat 10:00da yakunlanadi.
«Tadbirning asosiy g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir» degan iborasining mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlarga yetkazish, yoshlar ongida vatanga muhabbat, keksa avlod vakillariga hurmat, tinchlik va osoyishtalikka daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratiladi», deyiladi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Tadbirlarda 2017-2018 o‘quv yilini yakunlash, kelgusi o‘quv yilidan boshlang‘ich sinflarda haftasiga 5 kunlik o‘qish tizimiga to‘liq o‘tilishi to‘g‘risida ota-onalar, mahalla va keng jamoatchilikka yetkazish, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimining mazmun-mohiyatini o‘quvchi yoshlarga tushuntirish, ushbu ta’lim tizimi jarayonida o‘quvchilarning turli kasb egalari bo‘lish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berishga e’tibor qaratiladi.
Tadbirlarda o‘quv yili davomida respublika va xalqaro fan olimpiadalari, musiqa tanlovlari va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan, bilimlar bellashuvi, innovatsion olimpiada va «Umid nihollari»da faol qatnashgan o‘quchilar, a’lo baholarga o‘qigan, namunali xulqqa ega bo‘lgan, bosqichli nazorat imtihonlaridan ozod bo‘lgan yoshlar faxriy va maqtov yorliqlari bilan taqdirlanadi.
Yozgi ta’til kunlarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri va mazmunli tashkil qilish maqsadida ularni ijodiy va sport to‘garaklari hamda dam olish oromgohlariga jalb etish; ta’til davrida o‘quvchilar badiiy adabiyotlarni keng mutolaa qilishlarini tizimli tashkil etish, bu borada mavjud kutubxonalar imkoniyatlardan unumli foydalanish; ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga oilaviy sayohatlar va dam olishlarini tashkil etish; yoz mavsumida suv havzalarida cho‘milish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, yovvoyi va uy hayvonlari bilan muomalada ehtiyotkor bo‘lish yuzasidan tushunchalar beriladi.
O‘tkaziladigan tadbirlarda maktab va o‘quvchi-yoshlar hayotiga mos bo‘lmagan ortiqcha dabdababozlikni cheklash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil yozida mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 yillik ta’limni qaytarishni taklif qilgan, tez orada maktablarda 10-sinflar ochilgandi. Natijada, bu o‘quv yilida maktab bitiruvchilari yo‘q.
Do'stlaringizga ulashing
Ko'rildi: 785 | Joyladi: DENTER
Bildirilgan izohlar
Barcha izohlar: 0
Izoh qoldirish uchun saytga foydalanuvchi sifatida tashrif buyuring. [ Ro'yhatdan o'tish | Kirish ]