Samarqand va AQSh o‘rtasida 1,5 mln dollarlik tovar aylanmasi amalga oshirildi
Joylandi: 14.05.2019, 23:07
Samarqand viloyatidagi korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari dunyoning 80 ga yaqin davlati, jumladan, AQSh bilan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirib kelmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi
Joriy yilning birinchi choragida tomonlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1 million 480 ming dollardan ko‘proqni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar o‘sishga erishildi.
Ayni paytda bunda import ulushi ko‘proq (1 million 103 ming dollar) bo‘lsa-da, yil yakuniga qadar eksport ko‘rsatkichlarini ham oshirish imkoniyati mavjud.
Shu bilan birga, hozirda AQSh kapitali ishtirokida 10 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur subyektlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, bir qator xizmat ko‘rsatish korxonalari tashkil etilgan.
Samarqand shahrida joriy yil yanvar oyidan ish boshlagan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Marokand Pensylvania Trade qo‘shma korxonasi ana shunday ishlab chiqarish subyektlaridan hisoblanadi.
— Spirtsiz ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni yo‘lga qo‘yganmiz, — deydi korxona rahbari Sh. Rahmatov. — Amerikalik hamkorlarimiz ko‘magida xorijdan 500 ming dollarlik zamonaviy texnologiya keltirib o‘rnatganmiz. Uning yordamida kuniga uch xil hajmda 50 ming dona mineral suv va boshqa ichimliklarni qadoqlash imkoniyati mavjud. Mahsulot asosan ichki bozorga chiqarilmoqda. Hozirda korxonamizda 10 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlangan. Kelgusida mahsulot turi va hajmini oshirish hisobiga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Do'stlaringizga ulashing
Ko'rildi: 696 | Joyladi: DENTER
Bildirilgan izohlar
Barcha izohlar: 0
Izoh qoldirish uchun saytga foydalanuvchi sifatida tashrif buyuring. [ Ro'yhatdan o'tish | Kirish ]